Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Jarqo`rg`on tumani hokimligi
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Jarqo‘rg‘on tumani hokimi O‘raqov Baxodir Abduqayum o‘g‘lining BAYRAM TABRIGI
Rahbar chiqishlari / 2022-01-14

   Hurmatli ofitserlar, askar va serjantlar, Qurolli Kuchlarimizning muhtaram faxriylari!

Qadrli tumandoshlar!

   Vatan himoyachilarimizni O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan chin qalbimdan samimiy muborakbod etaman.

   Ushbu qutlug‘ ayyomda o‘z hayotini Vatan himoyasidek ulug‘ ishga bag‘ishlagan, azmu shijoatli harbiylarimizni sharaflab, xalqimiz, mamlakatimiz tinchligi va xavfsizligi yo‘lidagi xizmatlaringiz uchun barchangizga chuqur minnatdorlik bildiraman.

   O‘zingizga ma’lumki, bugungi kunda mamlakatimiz zamonaviy, ixcham va harakatchan, yaxshi tayyorlangan, mamlakatimiz xavfsizligini, xududiy yaxlitligini, sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlaydigan hamda xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilish bo‘yicha taktik va strategik vazifalarni samarali hal etishga qodir o‘zining milliy armiyasiga ega bo‘ldi.

   Hurmatli yurtboshimiz, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Miromonovich Mirziyoevning tashabbusi bilan harbiy sohani isloh etishga jiddiy e’tibor qaratildi.

   Mana shunday islohotlar natijasida barchamiz Vatan, xalq va armiya biri-biriga naqadar yaqin va mushtarak ekanini har qachongidan ham teran his etmoqdamiz. Bu borada armiya va xalq birligini ta’minlashga qaratilgan mutlaqo yangi tuzilma – harbiy-ma’muriy sektorlar barcha hududlarda tashkil etildi va unga hokimlarimizning rahbar etib belgilanishi sababli,  harbiy soha samarali faoliyat yuritayotgani g‘oyat muhim ahamiyatga ega bo‘lmoqda. Ana shunday islohotlar tufayli “Armiya va xalq – bir tanu bir jon!” degan olijanob g‘oya va amaliy harakat barcha bo‘g‘indagi hokimiyat va boshqaruv idoralari, mahalla, yoshlar, xotin-qizlar, nuroniylar tashkilotlari, ta’lim-tarbiya muassasalari faoliyatini, keng jamoatchilik hayotini qamrab olmoqda. Bu esa Vatan himoyasi chindan ham barchamizning nafaqat vazifamiz, balki sharafli burchimizga aylanib borayotganidan yaqqol dalolat beradi.

   Biz sizlar kabi g‘oyat mas’uliyatli va olijanob vazifani sharaf bilan ado etib kelayotgan, mard va jasur, el-yurtga sadoqatli o‘g‘lonlarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz.

   Aynan sizlarning yerda va ko‘kda, suvda va quruqlikda olib borayotgan mardona xizmatlaringiz tufayli osmonimiz musaffo, xalqimiz xotirjam yashamoqda, yurtimiz obod, hayotimiz farovon bo‘lmoqda.

   Fursatdan foydalanib, o‘z farzandlarini – Qurolli Kuchlarimizning askar va ofitserlarini Alpomishdek botir, chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalagan barcha ota-onalarga, harbiylarimiz bilan hayot quvonchi va tashvishlarini doimo baham ko‘rib kelayotgan ularning rafiqalari va oila a’zolariga katta rahmat aytishni o‘zimning burchim, deb bilaman.

   Hurmatli mard va jasur Vatan himoyachilari!

   Sizlarni yana bir bor butun xalqimiz bilan birgalikda keng nishonlayotgan bugungi shonu sharaf ayyomi – Vatan himoyachilari kuni bilan tabriklab, barchangizga sihat-salomatlik, oilangizga tinchlik, xotirjamlik hamda mamlakatimiz xavfsizligini va sarhadlarimiz daxlsizligini ta’minlashda, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini himoya qilishdagi ulkan ishlaringizda zafarlar tilayman.

Ro`yxatdan o`tish
1 ta foydalanuvchi hozir saytda
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?