Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Jarqo`rg`on tumani hokimligi
JARQO‘RG‘ON TUMAN HOKIMI B.A.O‘RAQOVNING MATBUOT VA OMMAVIY AXBOROT VOSITALARI XODIMLARIGA BAYRAM TABRIGI
Rahbar chiqishlari / 2022-06-27

   Qadrli matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari!

   Avvalo siz, azizlarni kasb bayramingiz – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni bilan chin qalbimdan muborakbod etaman. Sizlarga o‘zimning ezgu tilaklarimni bildirib, mashaqqatli va olijanob faoliyatingizda ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.

   Barchamizga yaxshi ayonki, matbuot, ommaviy axborot vositalari ishi hamma zamonlarda ham og‘ir va mas’uliyatli bo‘lgan. Tumanimiz taraqqiyotning yangi bosqichiga o‘tayotgan, ochiqlik va oshkoralik, so‘z va fikr erkinligi hayotimiz mezoniga aylanib borayotgan hozirgi davrda bu mas’uliyat yanada kuchaymoqda. Barcha sohalar kabi axborot olish va uni yetkazish, ta’sirchan jamoatchilik fikrini shakllantirish borasida ham raqobat keskin tus olmoqda. Bunday murakkab sharoitda hayot yangi-yangi talab va vazifalarni oldimizga qo‘ymoqda.

   Tumanimizda faoliyat yuritayotgan yagona bosma nashr “Jarqo‘rg‘on” gazetasi jamoasi, faol va faxriy jurnalistlar, qolaversa, ommaviy axborot vositalarini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirayotgan axborot xizmatlari hamda blogerlarni, matbaachilarni xizmati bugungi axborot makonida muhim o‘rin tutmoqda.

   Global tarmoqda tumanda sodir bo‘layotgan voqea-hodisalarni o‘z veb-sayt hamda axborot portallari orqali yoritib borayotgan korxona va tashkilotlar soni tobora ko‘payib, ommaga haqqoniy axborotlarni yetkazib boshlamoqda. Bu esa yangicha sharoitda axborot sohasidagi yangiliklarni tezkor yetkazish imkonini beryapti. Sizlar tomoningizdan, tumanda olib borilayotgan o‘zgarishlarning xalqqa tushunarli tarzda haqqoniy yoritilishi, bosh maqsadingiz bo‘lmog‘i lozim. Bunday tendensiya islohotlarimiz samarasini oshirishga, jamoatchilik nazoratini, fuqarolarimizning ijtimoiy faolligini kuchaytirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, tumandagi barcha rahbar va mutasaddilarni xalqimiz fikri bilan, zamon talablari bilan hisoblashgan holda ishlashga o‘rgatadi.

   Aziz va muhtaram jurnalistlar, ijtimoiy tarmoq faollari!

   Siz, azizlarni, Sizlar orqali ko‘p sonli tumanimizdagi muxlis va mushtariylaringizni bugungi qutlug‘ bayramingiz bilan yana bir bor samimiy tabriklayman! Barchangizga sihat-salomatlik, yangi ijodiy yutuqlar, xonadonlaringizga tinchlik-xotirjamlik, fayzu baraka tilayman.

B.A.O‘RAQOV, Jarqo‘rg‘on tumani hokimi.

Ro`yxatdan o`tish
3 ta foydalanuvchi hozir saytda
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?