Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Jarqo`rg`on tumani hokimligi
-Jarqo'rg'on tumani tashkil topganining 95 yilligiga- JARQO'RG'ON TUMANI TARIXIDAN: Urushdan keyingi yillarda tuman sanoati taraqqiyoti
Tadbirlar / 2021-03-04

(Davomi).


   1946 - 1990 yillarda tumanda mahalliy sanoat bilan birga yoqilgi-energetika sohasida ham ma'lum bir ishlar amalga oshirildi. Ma'lumki, ikkinchi jahon urushigacha va urush yillarida qurilgan elektr stantsiyalari hali viloyatni elektr energiyasi bilan to'la ta'minlay olmas edi. Buni hisobga olgan viloyat sobiq partiya tashkilotlarining 1945 yili bo'lib o'tgan anjumanida 1945 yilda Qumqo'rg'on GESi qurilishini nihoyasiga etkazish dolzarbligi alohida ta'kidlab o'tildi.
   Lekin bu qabul qilingan qarorni urushdan keyingi tiklash yillarida amalga oshirishning iloji bo'lmadi. Surxondaryo viloyatini toliѕ elektrlashtirish harakati 1960-yillarga kelib muhim hayotiy ehtiyojga aylandi. 1966 yili Termiz, Jarqo'rg'on, Sherobod va Angor tumanlarida 42, 6 ming kVt. bo'lgan, uzunligi 149 km.lik 110 kVt. kuchlanishli havo elektr tarmog'i qurilib ishga tushirildi. 1969 yili Jarqo'rg'on tumani elektr energiyasi bilan to'la ta'minlanib bo'lindi. 1970 yilga kelib Surxondaryo viloyatini elektr energiyasi bilan ta'minlash vazifasi to'laligicha bajarildi. 1970 yillarning boshlariga kelib, Jarqo'rg'on energetiklari oldidagi eng muhim muammolar iste'molchilarga sifatli elektr energiyasini etkazib berish, o'rnatilgan elektrostantsiyalar quvvatini oshirish, elektr uskunalarini ekspluatasiya qilish madaniyatini oshirish, elektr energiyasini uzatish tarmoqlarining mustahkamligini oshirish, elektr tarmoqlari va podstantsiyalardan foydalanish borasida keng ko'lamli ishlarni olib borish edi.

   Jarqo'rg'on tumanidagi yangi qurilgan sovxozlarning aholisini ichimlik suvi bilan ta'minlaydigan nasos stantsiyasi uchun kuchlanishi 35/6 kVt. bo'lgan podstantsiya, 1976 yilda esa kuchlanishi 250 kVt. bo'lgan ikkita elektr havo yo'li iste'molchilarga yaqin bo'lgan Jarqo'rg'on tumanidagi "Yujnaya" podstantsiyasigacha qurilib ishga tushirildi. Bu esa energiyani ko'p qabul qiladigan viloyatning Janubiy tumanlarini sifatli elektr energiyasi bilan ta'minlash masalasini hal qildi. 1970 yillarning o'rtalariga kelib viloyatda elektr energiyasini to'la va ishonchli ta'minlash bosh masala bo'lib qoldi. Jarqo'rg'on shahridagi Janubiy elektr tarmoqlari quvvatining ortib borishi natijasida bu erda 220 kVt. kuchlanishga ega bo'lgan ikkita elektr havo yo'li podstantsiyasining qurilishi Termiz shahrini elektr energiyasi bilan ta'minlashda muhim rol o'ynadi.
   Jarqo'rg'on tumanida 220 kVt.li kuchlanishga ega bo'lgan "Jarqo'rg'on-Gosgranisa" nomli elektr liniyasi qurilishi boshlandi. 1985 yili Afg'oniston Respublikasidagi Mozori Sharifning yordamchi elektr stantsiyasiga 110 kVt. kuchlanishga ega bo'lgan elektr liniyasi tortildi. Afg'oniston Respublikasiga bunday elektr liniyasining tortilishi Surxondaryo viloyatining Janubiy elektr liniyasi tarmoqlarida elektr quvvatining kuchlanishini oshirdi. Bu esa qo'shimcha elektr tarmoqlari joriy qilishni keltirib chiqardi. Shuning uchun Jarqo'rg'on shahrining Janubiy podstantsiyasida 500 kVt. quvvatga ega bo'lgan yangi podstantsiya qurish loyihasi ishlab chiqildi. Bu podstantsiyaning qurilishi faqat viloyatdagi elektr energiyasiga bo'lgan ehtiyojlarnigina emas, balki qo'shni Afg'oniston Respublikasini ham qo'shimcha elektr energiyasi bilan ta'minlashga yordam berdi.

Yuqorida keltirib o'tilgan ma'lumotlardan ko'rinib turibdiki, Jarqo'rg'on tumanidagi elektr xo'jaligi nafaqat tuman xalq xo'jaligi va qishloq xo'jaligini, balki viloyat xo'jaliklarini ham elektr energiyasi bilan ta'minlashda etakchi xo'jaliklardan biri ekanligini ko'rsatdi.

(Davomi bor).

Jarqo`rg`on tuman hokimligi Axborot xizmati.

Ro`yxatdan o`tish
7 ta foydalanuvchi hozir saytda
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?