Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Jarqo`rg`on tumani hokimligi
-Jarqo‘rg‘on tumani tashkil topganining 95 yilligiga- JARQO‘RG‘ON TUMANI TARIXIDAN: Mustaqillik yillarida ijtimoiy va madaniy hayot
Tadbirlar / 2021-06-14

   Respublikamizda yangilanayotgan jamiyatimizni har tomonlama yetuklikka olib chiquvchi asosiy omillardan biri bu ma’naviyatdir. Ma’naviyatning boyligi kelajak poydevorining mustahkamligidan dalolat beradi. Bugungi mu­staqillik yillarida ezgu qadriyatlar va an’analarimiz asosida yaratilayotgan mustaqillik mafkurasi ham boy ma’naviyatimizning davomidir. Mafkura va ma’naviyatni boyitishda xalqimizning asrlar osha asrab va boyitib kelingan boqiy an’analari va qadriyatlarining ham o‘ziga xos munosib o‘rni bor.

   Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov bu masalada to‘xtalib: "Xalqimiz asrlar osha yashab kelgan an’anala­ri, urf-odatlari, tili va ruhi negiziga qurilgan milliy mustaqillik maf­kurasi umuminsoniy qadriyatlar bilan mahkam uyg‘unlashgan holda kelajakka ishonch tuyg‘usini, odamlar qalbi va ongiga yetkazish, ularni Vatanga muhabbat, insonparvarlik ruhida tarbiyalash, halollikni, mardlikni va sabr-bardoshlilikni, adolat tuyg‘usini, bilim va ma’rifatga intilishni tarbiyalash yo‘lida xizmat qilmog‘i lozim", - deb ta’kidlagan edi.

   Shuningdek, viloyat tumanlarida ham ko‘plab drama va qo‘g‘irchoq xalq teatrlari ham faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 1968 yilda "Xalq teatri unvoni"ni olgan Jarqo‘rg‘on tumani Madaniyat uyi qoshidagi drama xalq teatri shular jumlasidandir. Jarqo‘rg‘on tumani xalq teatri 1999 yilning aprel oyida "Qaytar dunyo" spektaklining premerasini ijro etib, hayotiy voqealar orqali inson qadr-qimmati, odob-axloq tushunchalari berish orqali yoshlarimiz tarbiyasiga munosib hissa qo‘shdi.

   1994 yil 28 iyunda viloyat hokimining Respublika "Ma’naviyat va ma’rifat" jamoatchilik markazining viloyat bo‘limini tashkil etish to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Markazning bo‘limlari tumanlarda ham tashkil etilgach xalq orasida turli tadbirlar boshlab yuborildi. O‘tkazilayotgan bu ma’naviy va ma’rifiy tadbirlar hamda tuman ijod ahli bilan uchrashuvlar, o‘lka aholisini, yurt tarixini o‘rganish, milliy qadriyatlarni chuqurroq anglash, kishilarni mehr-oqibatli, insof-diyonatli qilib tarbiyalash kabi jarayonlarga alohida hissa qo‘shdi.

   Tuman ahliga ma’naviy-ma’rifiy jihatdan xizmat ko‘rsatish, ularning dam olish vaqtlarini maroqli va mazmunli o‘tkazishda tumanda 1932 yildan beri faoliyat ko‘rsatayotgan "Jarqo'rg'on" gazetasi (muharriri Alisher Poyonov)ning o‘ziga xos o‘rni beqiyos darajada kattadir. Mustaqillik sharoitida tuman matbuoti ham ulkan yuksalish va taraqqiyot pallasiga qadam qo‘ydi. Nashr qilinayotgan gazetaning badiiy saviyasi yaxshilandi, nashr tiraji yildan-yilga kengayib bormoqda. Gazetada ommabop ruknlar ko‘plab tashkil etila boshlandi. 2001 yil 26 iyundan boshlab tumanimiz gazetasi «Jarqo‘rg‘on» deb qayta nomlanib (ilgari "Jarqo‘rg‘on haqiqati" edi) zamonaviy ofset usulida A-2 katta formatda, rangli tarzda Toshkent, Termiz hamda Denov shaharlari bosmaxonalarida chop etila bosh­landi.

   "Jarqo'rg'on" gazetasida mustaqillik yillarida H. Olimjon fermerlar uyushmasidan Jumagul Suyunovaning maishiy-axloqiy mavzudagi maqolalari, "Oqqo‘rg‘on" suvdan foydalanuvchilar uyushmasidan Nurulloh hoji To‘xtaevning ma’rifiy bitiklari, Quvondiq Begalievning (sobiq tuman mahalla qo‘mita raisi) mahallalar hayotidan olingan chiqishlari gazetxonlarga yaxshi tanish bo‘lib qoldi. Ulardan tashqari Oqtepalik Bolta Tangirov, Bobotog‘ mahallasidan Boymirza Ro‘ziqulov, Surxondan Jahongir Xo‘janov, "To‘xta Shoburov"dan Jahongir Jonnazarov, “Paxtazavod” mahallasidan Sanam Usmonqulova, 43-o‘rta maktabdan Orzigul Mamayusupova, 31-o‘rta maktabdan Nasiba Norquvvatova, 17-o‘rta maktabdan Muborak Hayitova, "H.Olimjon" mahallasidan Mayinxon Salomova, 22-sonli kollejdan To‘ra Samadov, “Yangi usul” mahallasidan Juma Usmonov, "Jarqo‘rg‘on" suvdan foydalanuvchilar uyushmasi, “Yoshlik” mahallasidan Matluba Niyozova singari ijodkor tumandoshlar o‘z maqolalari, xatlari, she’rlari va o‘zlari yashayotgan joylari haqidagi yangiliklar bilan tuman gazetasida faol qatnashib kelishyapti.

   Sirasini aytganda matbuotda qatnashib turish har bir kishining faol fuqarolik belgisini bildiradi. Atrofda bo‘layotgan voqea-hodisalarga munosabati, yangiliklarga xayrihohligi, kamchilik va nuqsonlarni tanqid qilish ana shu faolligida ko‘rinadi. O‘tkir fikr, o‘tkir so‘z bilan joylarda muammolarning o‘nglanishiga hissa qo‘shishning savobi katta bo‘ladi.

   Tuman gazetasining rang-barang chiqishida o‘zlarining o‘tkir maqolalari bi­lan ijod qilgan va qilib kelayotgan jurnalistlar ham talaygina. Bular Sh. Muhammadiev, X. Xudoyqulov, M. Mamatqulov, A. Xolmirzaev va A. Poyonovlardir. "Jarqo‘rg‘on" gazetasi tahririyati jamoasi va muxbirlari hamda gazetani chop etayotgan matbaachilar tumanimiz, vohamiz va respublikamizning ijtimoiy-tarixiy taraqqiyotining hamma bosqichlarida Vatanimiz ravnaqi hamda mehnatkash, bag‘ri keng xalqimizning farovonligi yo‘lida kamarbastalik qilib kelmoqdalar.

   Tumanimizning yagona nashri bo‘lmish gazeta tahririyati jamoasining ijtimoiy-madaniy hayotimizni yuksaltirish, iqtisodiyotni mustahkamlash, ilg‘or tajriba va ish usullari, ilmiy-texnika taraqqiyotini targ‘ib qilish, kishilarimiz ongida zamonaviy dunyoqarashni shakllantirishdagi fidoyiligi tahsinga loyiqdir. Bunda ustoz qalamkashlar, yetuk ijodkorlarning vatanparvarligi, jasorati va yuksak mahorati muhim ahamiyat kasb etadi. Mustaqilligimiz yillarida o‘tgan bir necha o‘n yillik tarixiy taraqqiyotimizda gazetaning mavzu doirasi yanada kengaydi. Uning ta’sirchanligi, o‘qimishliligi va ko‘p nusxada chop etilishi natijasida sifati yaxshilanib bormoqda.

   Tumanda adabiyotga mehr qo‘yib, baholi qudrat ijod qilib kelayotgan ijodkorlar talaygina. Ulardan - Jumagul Suyunova, Boymirza Ro‘ziqulov, Rashid Samadov, Qizlaroy Tilovberdieva, Juma Usmonov, Orzigul Mamayusupova, Sevara Norboeva, Matluba Normamatova, Nasiba Norquvvatova, Mukarram Xafizova, Jahongir Xo‘janov, Jahongir Jonnazarov, Nasiba Rayimqulova, Nazira Temirova, Mehriniso Barimova, Sanam Usmonqulova, Hakim Qobilov, Matluba Niyozova.

   Keyingi yillarda B. Ro‘ziqulov, Iroda Xidirova, Sevara Norboeva, Otabek Berdiqulov, Rayhona Mamayusupova, Shahnoza Quvondiqova, Xolmuhammad Tog‘aymurodov kabi havaskor ijodkorlarning kitoblari turli nashriyotlarda chop etildi. Ustoz ijodkorlardan Bolta Tangirov (nafaqadagi ziroatshunos), Nurilla To‘xtaev, Ergash Haydarov (shifokor), Jo‘ra Lolaev (mehnat faxriysi), Fayzulla Shernazarov (o‘qituvchi), Sodiq Mamatmurodov (o‘qituvchi), Vasila Ermatova (o‘qituvchi) singa­ri ijodkorlar ham mahalliy nashrlarda muntazam ravishda qatnashib turishmoqda.

(Davomi bor).

Jarqo‘rg‘on tuman hokimligi Axborot xizmati.

Ro`yxatdan o`tish
24 ta foydalanuvchi hozir saytda
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?