Ўз  /  O'z  /  Ру  /  En
Jarqo`rg`on tumani hokimligi
M U R O J A A T N O M A
Tadbirlar / 2021-06-15

   Hurmatli va aziz fermerlar!

   Ma’lumki, hali hamon dunyo ahli turmush tarziga koronavirus pandemiyasi jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Ana shunday murakkab pallada dehqonu fermerlarimiz har qachongidan ko‘ra ko‘proq mas’uliyat bilan ter to‘kmoqdalar.

    Azal-azaldan xalqimiz nonni eng ulug‘ ne’mat deya uni qadrlab kelishgan. Ulkan zahmatlar evaziga yetishtirilgan hosilning bir donasini ham nest-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish bilan dehqonlarimizning mehnati tugamaydi. Galdagi vazifa g‘alladan bo‘shagan yer maydonlariga xalqimiz dasturxoni uchun zarur bo‘lgan takroriy ekinlarni o‘z vaqtida ekish va bu borada ham yuksak hosildorlikka erishishdir. 

   So‘nggi yillarda sohada ilmiy asoslangan agrotexnologiyalarning qo‘llanilishi, urug‘chilik tizimining takomillashishi hamda yangi serhosil navlarning yaratilishi va joriy etilishi natijasida kafolatlangan hosil olish imkoniyati yaratildi. Mamlakatimizda agrar sohaga ham bozor iqtisodiyoti tamoyillari keng joriy qilinishi natijasida fermer va dehqonlarimizning yerdan foydalanish samaradorligi, yerlarning hosildorligi va moddiy manfaatdorligi oshib bormoqda.

   Amalga oshirilgan islohotlar natijasida meva-sabzavotchilik, g‘allachilik va chorvachilikda ham 500 ga yaqin yangi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchi korxonalar faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida, pandemiyaning salbiy ta’siriga qaramasdan, 1 milliard dollarlik meva-sabzavot mahsulotlari eksport qilindi. Hozirda 150 ming gektar yer maydoni qaytadan foydalanishga kiritildi, 160 ming gektar yoki o‘tgan yilga nisbatan 2 barobardan ko‘p maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi. Dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalariga 300 milliard so‘m imtiyozli kredit va subsidiya ajratilgani ham qishloq aholisini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda yangi yo‘nalishga aylandi.

   Barcha tuman va shaharlarda, har bir mahallada ehtiyojmand oilalar, ayollar va yoshlar bilan manzilli ishlash bo‘yicha mutlaqo yangi – “temir daftar” tizimi joriy etildi. Qisqa muddatda bu tizim orqali 527 ming fuqaroning bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari, o‘zini o‘zi band qilgan aholi uchun soliq imtiyozlarining berilishi hamda ko‘pgina cheklovlarning bekor qilinishi tufayli 500 ming nafar fuqaro mehnat faoliyatini qonuniy tarzda yo‘lga qo‘ydi.

   Bugun fermer va dehqonlarimiz qishloq xo‘jaligida asosiy kuch bo‘lib, nafaqat mazkur sohani, balki butun mamlakatimiz taraqqiyotini yuksaltirish, xalqimizning turmush darajasini oshirish, avvalo, aholining muayyan qatlami o‘rtasida kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga ham o‘z hissasini qo‘shmoqda.

   Davlatimiz rahbarining yoshlarga 10 sotixdan 1 gektargacha yer ajratish siyosati fermerlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi natijasida, ularga qariyb 60 ming gektar yer ajratib berildi va har tomonlama ko‘maklashildi. Bugun ular birinchi hosilni yig‘ishtirib olishayapti va ikkinchi ekinni ekishni boshlab yuborishdi. Natijada respublika bo‘yicha 200 mingdan ziyod yoshlar bir mavsum davomida kamida 10-15 million so‘mdan daromad olish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.

   Hurmatli Fermerlar!

   Boshoqli don mahsulotlarini nest-nobud qilmasdan yig‘ishtirib olish, g‘alladan bo‘shagan yerlardan samarali foydalanish va eksportbop sabzavot-poliz mahsulotlarini yetishtirishda fermer xo‘jaliklari mas’uliyatini yanada oshirish maqsadida quyidagi muhim agrotexnik tadbirlarni amalga oshirishingizni:

   Birinchidan, yetishtirilgan boshoqli don mahsulotlarini nest-nobud qilmasdan qisqa muddatlarda yig‘ishtirib olishingizni;

   Ikkinchidan, g‘alladan bo‘shagan yer maydonlarini somondan tozalab va shudgorlab, yerlarni ekishga tayyorlash ishlarini tashkil etishingizni;

   Uchinchidan, yerlarning unumdorligini oshirish maqsadida, sabzavot-poliz mahsulotlari yetishtirish uchun g‘alladan bo‘shagan yerlarni “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan va ishsiz aholiga mavsumiy shartnoma asosida 15-20 sotihdan ajratib berishingizni;

   To‘rtinchidan, ajratilgan yer maydonida o‘z ko‘magingiz ostida takroriy ekinlar ekilishini ta’minlashingiz, kelgusida ko‘proq eksportbop mahsulotlar yetishtirilishida hamda ishsiz, kambag‘al aholining daromadlarini oshishida o‘z hissangizni qo‘shishingizni so‘raymiz.

   Zero, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan va ishsiz fuqarolarga ajratiladigan 15-20 sotih yerlarda dehqonchilik qilishi, ularga 8-10 million so‘m daromad olib keladi, bu bilan Siz yoshlar, ayollar hamda xorijda ishlab yurgan va ishlab qaytgan ishsiz aholimizni ish bilan ta’minlashga katta hissa qo‘shgan bo‘lasiz.

   Aziz va qadrli fermerlar!

   Bugun xalqimiz Sizni “rizq-ro‘zimiz bunyodkorlari” deb ulug‘lab, shijoatingiz, g‘ayrat va matonatingizga ko‘z tikib turganini bir zum bo‘lsa-da, esdan chiqarmasligingiz kerak. Dasturxonimiz to‘kin-sochin, bozorlarimiz noz-ne’matlarga to‘la va arzon, turmushimiz farovon bo‘lishi sizning mashaqqatli mehnatingizga bog‘liq. Nega deganda, mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda fermer va dehqonlarimizning o‘rni beqiyos bo‘lib, uni hech narsa bilan o‘lchab ham, baholab ham bo‘lmaydi.

   Biz hurmatli Prezidentimizning yuksak ishonchini oqlab, mamlakatimiz ravnaqi va xalqimiz farovonligiga munosib hissa qo‘shish uchun barchangizni sidqidildan halol va fidokorona mehnat qilishga chaqiramiz!

   Barchangizga sihat-salomatlik, ezgu va olijanob ishlaringizga qut-baraka tilaymiz. Bu yilgi mavsumda ulkan xirmon barpo etib, xalqimiz oldida yuzimiz yorug‘ bo‘lishi hammamizga nasib etsin!

O‘zbekiston fermer, dehqon xo‘jaliklari va

tomorqa yer egalari Kengashi.

Ro`yxatdan o`tish
16 ta foydalanuvchi hozir saytda
Saytimizning yangi talqini sizga yoqdimi?