O‘zbekiston Respublikasida Davlat tilining ahamiyati va uning xalqimiz hayotidagi o‘rni benihoya kattadir. 1989 yil 21 oktabrda O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berildi. O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berilishi - xalqimizning milliy mustaqillikga erishish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib, ona tilimizning bor go‘zalligi va jozibasini to‘la namoyon etish bilan birga, uni ilmiy asosda rivojlantirish borasida ham keng imkoniyatlar yaratdi. Shuningdek, davlat tilining boyitilishi va takomillashtirilishi taminlabgina qolmay, O‘zbekiston hududida istiqomat qiluvchi va mamlakatimizga xorijdan kirib kelayotgan barcha millat va elatlarning tillarini hurmat qilinishini taminladi. Chegara bojxona postlari orqali yurtimizga kirib kelayotgan chet el fuqarolari o‘zbek tilida yoki boshqa jaxon tillarida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyalarini to‘ldirishlari va muloqotda bo‘lishlari mumkin bo‘ldi. Bugun chegara bojxona postlarida fuqarolarga ko‘rsatmalar, ma’lumotlar, xabarlar va yo‘lovchi bojxona deklaratsiyalari o‘zbek, rus va ingliz tillarida yetkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. Bu ham boshqa davlatlardan tashrif buyuruvchilarga qulaylik va ularning tillariga nisbatan hurmatni bildiradi.
Ma’lumki, “O‘zlikni anglash, milliy ong va tafakkurning ifodasi, avlodlar o‘rtasidagi ruhiy-ma’naviy bog‘liqlik til orqali namoyon bo‘ladi. Jamiki ezgu fazilatlar inson qalbiga avvalo, ona allasi, ona tilining betakror jozibasi bilan singadi. Ona tili bu millatning ruhidir”. Shunday ekan, ma’naviyatning ko‘zgusi bo‘lgan ona tiliga bo‘lgan munosabat shaxsning ma’naviyatga bo‘lgan munosabatini ham belgilaydi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Kamol topayotgan yosh avlodga ona tiliga e’tibor va ehtirom, unga davlat tili sifatida qarashning ma’suliyati kabi tuyg‘ularni singdirish va mustahkamlab borish dolzarb muammolardandir.
Bu xususda ko‘p va xo‘b gapirilgan bo‘lishiga qaramay, muammo hamon dolzarbligicha qolmoqda. Shu sababdan talabalarda davlat tiliga nisbatan ongli munosabatni shakllantirish maqsadida ma’rifiy matnlar tavsiya etilmoqda. Matn va tavsiyalardan o‘quv dasturidagi “Hozirgi o‘zbek tili talimi asoslari”, “Dunyo tillari tizimida o‘zbek tilining tutgan o‘rni”, “O‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi va buning olamshumul ahamiyati” hamda “Kadrlar tayyorlash Milliy dasturida hozirga o‘zbek adabiy tili ta’limining o‘rni” mavzularini o‘tishda foydalanish maqsadga muvofiqdir.
O‘zbek tili O‘zbekistonda davlat tilidir. Bu tilda so‘zlashuvchilarning umumiy soni 35 milliondan ortiq bo‘lib, ularning asosiy qismini O‘zbekistonda va unga chegaradosh bo‘lgan mustaqil davlatlarda istiqomat qilib turgan o‘zbek tilida so‘zlashuvchi va o‘zini o‘zbek deb biluvchi aholi tashkil qiladi. O‘zbek tili jahondagi eng boy va rivojlangan tillardan biri. Bu tilning shakllanishida, ayniqsa, Alisher Navoiyning xizmati katta. Buni uning ushbu misralarida ham bilish mumkin:
Turk nazmida chu men tortib alam,
Ayladim ul mamlakatni yakqalam.
Ha, o‘zbek tili rivoji yo‘lida bugungi kunda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar ham Hazrat Navoiyning til rivojidagi amallarining mantiqiy davomidir. Prezidentimiz Sh.M.Mirziyoevning Birlashgan millatlar tashkilotining 72-sessiyasida o‘zbek tilida ma’ruza qilgani ham buning yaqqol isbotidir.
O‘zbek tilining takomillashish jarayoni to‘rt asosiy manbaning ishtirokida amalga oshgan. Hozirgi foydalanishdagi o‘zbek tili esa uch ko‘rinishga ega bo‘lib, birinchidan - shevalardan, ikkinchidan - umummilliy adabiy tildan va uchinchidan - ularning qorishmasi bo‘lmish kundalik jonli muloqot tilidan tashkil topgan. XIX asrning ikkinchi yarmidan boshlab, XX asrning 30-yillarigacha o‘zbek tili yangi zamon o‘zbek millatining tili sifatida shakllandi, o‘z taraqqiyot yo‘llarini aniqlab, rivojlana boshladi.
Joriy yil 1 avgustdan boshlab barcha ish yuritish hujjatlari, ommaviy nashrlarning lotin alifbosiga asoslangan yozuvda amalga oshirilishi zarurligi Qonun bilan mustahkamlangani esa, endilikda barcha o‘zbek tilidagi ish hujjatlari, davriy nashrlar lotin yozuvida bo‘lishi uchun imkon bermoqda. Shu bois, endilikda barcha ushbu lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini bilishi, imlo qoidalari bilan yaqindan tanishishlari zarur bo‘ladi.
Muhriddin HAKIMOV, Davlat tili bo‘yicha
Jarqo‘rg‘on tuman hokimi maslahatchisi.
Muallif haqida: Hakimov Muhriddin To‘raqul o‘g‘li, 1996 yil Jarqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini meхanizatsiyalash muhandislari instituti tamomlagan, 2021 yil may oyidan Jarqo‘rg‘on tuman hokimining Davlat tili bo‘yicha mаslahatchi vazifasida faoliyat boshladi.
© Jarqo`rg`on tumani hokimligi veb-saytlari 2025