Viloyat hokimi T.Bobolov tashabbusi bilan viloyatimizda sektor rahbarlari tomonidan mahallalardagi yoshlar o‘rtasida turli sport tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan edi. Shu munosabat bilan tumanlarda sektor rahbarlari tomonidan turli tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Bugun Jarqo‘rg‘on tumanidagi Bolalar-o‘smirlar sport maktabida tumanimiz mahallalaridagi yoshlar o‘rtasida “Viloyat prokurori kubogi” uchun sport hamda ma’naviy-madaniy tadbirlar tashkil etildi.
Tadbirlarni tuman hokimi B.O‘raqov hamda tuman prokurori B.Haydarovlar ochib berishib, jamoalarning barcha tadbirlarda yuqori natijalarni qo‘lga kiritishlarida omadlar tilashdi. Shundan keyin musobaqalarga start berildi. Unda minifutbol bahslarida 8 ta jamoa saralash bahslarida ishtirok etishib, g‘oliblik uchun bahs olib bordilar. Mahallalar qizlari o‘rtasida ham shuncha jamoa voleybol sport turi bo‘yicha bellashishib, o‘z mahoratlarini namoyish etishga kirishdilar.
Madaniyat sohasidagi bahslar maxsus ajratilgan sahnada tashkil etilib, san’atga oshufta yoshlar o‘rtasida sohadagi iqtidorlar ijodlari sinovdan o‘tkazilgan bo‘lsa, bir tomonda “Yosh kitobxon” tanlovi, yana boshqa tomonda “Zakovat” bahslari tashkil etildi. Rasm chizish ustasi bo‘lgan san’at shaydolari esa o‘z ijod namunalarini namoyish etdilar. “Bir nuroniy – o‘n nafar yoshga murabbiy” tadbirida nuroniylarning yoshlar bilan uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, arqon tortish, tosh ko‘tarish, kuch sinashish kabi bir qator milliy sport bahslari tashkil etilgani esa, yoshlarning bo‘sh vaqtlari sermazmun o‘tishiga xizmat qildi.
Tadbirlar birin-ketin yakunlanarkan, yo‘nalishlar bo‘yicha g‘oliblar ham aniq bo‘lib boshladi. “Yosh kitobxon” tanlovida 3-o‘rin S.Nazarboevaga, 2-o‘rin Sh.Abdig‘apporova hamda M.To‘raevaga, 1-o‘rin esa A.Qobilovga nasib etdi. “Zakovat” intelektual bahslarida “Porloq yulduzi” jamoasi 3-o‘rinni, “Istiqlol” jamoasi 2-o‘rinni, “Markaziy surxon” jamoasi esa 1-o‘rinni egalladilar. Madaniyat bo‘yicha bahslari raqs, folklor va milliy sozlar yo‘nalishlarida tashkil etilib, g‘oliblar aniqlandi. Bunda “Markaziy surxon” mahallasining folklor jamoasi 3-o‘rinni, “Ulug‘bek” mahallasining “Milliy sozlar” jamoasi 2-o‘rinni, “Surxon g‘unchalari” raqs dastasi esa 1-o‘rinni egallashdi.
Qizlar o‘rtasida tashkil etilgan voleybol musobaqasida 3-o‘rin “Kunchiqish”, 2-o‘rin “Markaziy surxon”, 1-o‘rin “Qoraqursoq” jamoalariga nasib etgan bo‘lsa, arqon tortish bahslarida 3-o‘rin “Istiqlol”, 2-o‘rin “Surxon sohili”, 1-o‘rin “Porloq yulduzi” jamoalariga nasib etdi. Minifutbol musobaqasida 3-o‘rin “Surxon sohili”, 2-o‘rin “Kunchiqish”, 1-o‘rin “Qoraqursoq” jamoalariga nasib etdi hamda 1-o‘rin egalari “Viloyat prokurori kubogi” sohibiga aylanishdi.
Tadbirlar tadbirlarga ulanib kechga qadar kechgan bahslar yakunida g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, viloyat prokurori S.Turdiev tomonidan diplom, medal, qimmatbaho sovg‘alar hamda pul mukofotlari bilan taqdirlandilar.
Taqdirlash marosimi davomida tumanimizdagi mahallalarda faoliyat yurita boshlagan yoshlar agentligi vakillariga xizmatda foydalanishlari uchun “planshet”lar ham taqdim etilib, ularning o‘z mahallalarida yoshlar bilan yanada faol ishlashlari uchun omadlar tilandi.
Jarqo‘rg‘on tumani hokimligi Axborot xizmati.
© Jarqo`rg`on tumani hokimligi veb-saytlari 2025